linkedin facebook linkedin facebook nod32

Ta’limni kompyuterni o‘rganish muammosi va uning tarkibi

Muallif: Mengliyev Sh.

Qo`shilgan sana: 2017-02-12

Ta’limni kompyuterni o‘rganish muammosi va uning tarkibi

Izlanishlarda tadqiq qilinayotgan muammoni o‘ziga oid kategoriyalar vositasida tavsiflash, atama va tushunchalarni sharhlash, ularning hozirgi taraqqiyot darajasini aniqlash, kelajakdagi istiqbolini chamalash mas’uliyatli jihat hisoblanadi. Kompyuter ta’limi muammosi pedagogika fanida taxminan yarim asr oldin paydo bo‘lgan zamonaviy yo‘nalish. Unga bag‘ishlangan adabiyotlar yildan-yilga jadal sur’atlar bilan ko‘payib bormoqda. Avstraliya alifboli katalogi ma’lumotlariga qaraganda, 1988 yilda birgina kompyuter ta’limi muammosiga oid maqolalar soni kompyuter texnologiya muammolarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha e’lon qilingan maqolalar umumiy sonidan 8 marta ko‘p ekan. Kompyuter ta’limi muammosining markaziy masalasi «ta’lim mazmuni va kompyuter», «o‘qitish faoliyati va kompyuter», «o‘quvchi faoliyati va kompyuter» tizimlari mohiyatini o‘zida majmuali qamrab oladigan dasturlarni psixologik, pedagogik, uslubiy jihatdan asoslash. Dasturiy ta’minotda ta’limni modellashtirish, o‘qish-o‘rganish uchun qulay psixologik muhit yaratish bilan birga fanning keyingi yutuqlari —multimedia vositalari, masofali ta’lim, sun’iy intellekt, virtual laboratoriya kabi sohalarda erishilgan natijalardan ham foydalanish zarur. Shu ehtiyojga ko‘ra 1987 yilda Fransiyada informatika bo‘yicha yangi milliy reja qabul qilingan. Yangi milliy rejaning asosiy yo‘nalishi yuqori sifatli pedagogik dasturiy vositalarni yaratish, bu muammoni ilmiy hal qilishning yangi imkoniyatlarini izlab topishdan iborat deb belgilangan. Hozirgi paytda iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlarda, jumladan, AQSH, Angliya, Germaniya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya, Rossiyada shu yo‘nalishdagi psixologik, pedagogik, uslubiy, texnik, texnologik izlanishlar keng ko‘lamda olib borilmoqda. Bir necha yillardan buyon o‘qituvchilarni tayyorlashda, ilmiy adabiyotlarda pedagogik dasturiy vositalardan foydalanib dars o‘tish muammolari haqida gapirilayotgan bo‘lsa-da, bu muammo echimi ochiqligicha qolmoqda. Oxirgi o‘n yillikda bu muammo bo‘yicha bildirilgan fikrlar nafaqat mazmuni yoki shakli bilan, balki asosiy g‘oyalari bilan ham bir-biridan farq qiladi. Xorijiy davlat olimlarining monografik asarlarini tahlil qilish asosida o‘qituvchilarni tayyorlash aloqasi xususidagi fikrlarni qisqacha sharhlab o‘tamiz. O‘qituvchilar haqida gapiradigan bo‘lsak, F.Amari (2000) o‘qituvchilar PDVdan foydalanuvchi emas, balki ularning yaratuvchisi bo‘lishini taklif qiladi. Bu bilan o‘qituvchi o‘zining o‘qitish g‘oyasini dasturda shakllantirishi, uni tahlil qilish, qo‘llash va baholash orqali takomillashtirishi mumkin deydi. S.Wond va boshqalar (2003) tayyorlanadigan o‘qituvchilar fe’l-atvori va muloqotga kirishish darajasi bo‘yicha har xil, shuning uchun o‘qitish tizimida talabaga munosabatni yaxshilashga e’tiborni qaratish kerak deb hisoblaydilar. S. Demetriadis va boshqalar (2003) o‘qituvchining dars berishi uchun ham o‘quvchilarning mustaqil o‘rganishi, ham bevosita suhbatlar asosida o‘rganish nazarda tutilgan PDVlarni ma’qullaydilar. R.Slavin (1990) dars jarayonida natijalarni muhokama va tahlil qilishda o‘quvchilarning o‘qituvchi rahbarligida guruhlarga bo‘linib ishlashini o‘rgangan. T.Kosman (1996) kompyuter yordamida muammoni birgalikda o‘rganish bilan bog‘liq tabaqalashgan ta’limdagi o‘qish shakllarini tadqiq qilgan. E.Wenger (1998) materialni o‘rganish jarayonida bevosita o‘z-o‘zidan shakllanadigan guruhlar ishining xususiyatlarini o‘rgangan. Shuningdek, aralash tipdagi dars uslublari ham qator olimlar tomonidan o‘rganilgan. Ya.Yu. Xibkinning yozishicha, «Informatika yoki boshqa o‘quv fanlarini hisoblash texnikasini qo‘llab o‘qitish jarayonini normal tashkil etish uchun amaliy dasturlar paketi (ADP) zarur». U dasturli paket tarkibida predmetli, ob’ektli, uskunaviy, o‘rgatuvchi, o‘rgatib nazorat qiluvchi, namoyish etishga mo‘ljallangan dastur turlarini ajratgan. Uskunaviy pedagogik dasturlar (UPD) atamasi, ularning fikricha, mohiyati jiqatidan APDga nisbatan ancha mos keladi. Dars jarayonida foydalaniladigan dasturlarni turlicha atash tajribasi hali ham davom etmoqda. Rossiyada chiqariladigan «Informatika i obrazovanie» jurnalining birgina 1990 yil 6-sonida bunday atamalarning uch varianti — nomlanishi berilgan. Jurnalning 15-betida «universal avtomatlashtirilgan o‘qitish tizimi», 8-betida «kompyuterli dars dasturlari», 79-betida «kompyuterli o‘quv dasturlari» atamalari uchraydi. A.Bahromov o‘z maqolasida «axborotlarni qabul qilish, qayta ishlash, yangi (yoki boshqa ko‘rinishdagi) axborotlarni yaratish bilan shug‘ullanuvchi texnologiyalarni kompyuterlar asosida joriy etish»ning yangi axborot texnologiyalari (YAAT), ularning o‘qitish bilan bog‘liq bir qismini «o‘qitishning yangi axborot texnologiyalari» (O‘YAAT) deb atagan. «Hozirgi kundagi va yaqin kelajakdagi ta’lim tizimini takomillashtirishda kompyuterni o‘qitishning eng yuqori darajasi — O‘YAATning yangilarini yaratish va ularni ta’lim jarayoniga olib kirishdan iborat bo‘ladi. O‘quvchilarga bilim berishni takomillashtirish va o‘quvchilar mehnati samaradorligini oshirishda, shuningdek, mamlakatimiz ta’limini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda aynan O‘YAATning ahamiyati katta ekanligini yana bir bor ta’kidlaymiz». Kompyuterli ta’limda o‘quvchining ta’lim sub’ekti maqomidagi ishtiroki — faoliyatini hisobga oladigan bo‘lsak, dastur vositalarini «avtomatik o‘qitish tizimi» iborasi bilan berish ma’lum cheklashlarga kelib taqalishini qayd etishga to‘g‘ri keladi. Xuddi shunday fikrni «avtomatlashtirilgan o‘qitish tizimi» birikmasi xususida ham aytish mumkin. Zotan, bunday dasturlar bilan ishlash jarayonida o‘quvchi ta’limning faol sub’ekti funksiyasida qatnashib, o‘qish-o‘rganish jarayonini uning o‘zi boshqaradi. Shuningdek, «o‘qitishning yangi axborot texnologiyasi» atamasi ham dars jarayonida qo‘llaniladigan dastur vositalari mohiyatini to‘liq yorita olmaydi. Atama tarkibidagi «yangi» so‘zi ham uslubiy noqulaylikni keltirib chiqaradi. Adabiyotlarda dastur vositalarining tiplari tasniflangan: A.S.Lesnevskiy dastur vositalarining omborli, uskunaviy, boshqaruvchi, modellashtiruvchi, o‘yin ko‘rinishidagi turlarini ajratgan. B.Qodirov dastur vositalarini bajaradigan ishiga qarab uskunaviy, o‘rgatuvchi, omborli-uskunaviy, omborli-o‘rgatuvchi, tizimli vositalar turlarini belgilagan. J.Tolipova izlanishlarida ko‘rgazmali ta’lim dasturlari, modellashtirilgan ta’lim dasturlari, nazorat dasturlari qayd etilgan. M.Lebedeva kompyuter dasturlarini yanada keng tasnif etgan. «Dasturdan foydalanish o‘rniga qarab pedagogik dastur vositalari qatoriga kompyuterli o‘qitish dasturlari (ularni o‘z navbatida ma’lumot beruvchi, nazorat qiluvchi, modellashtiruvchi, namoyish qiluvchi, mashq qildiruvchi, aralash tipdagi va boshqa turlarga bo‘linishi mumkin), o‘qitishga xizmat qiladigan ekspert tizimlari, kompyuter o‘yinlari va boshqalarni kiritish mumkin. Turli o‘quv fanlari bo‘yicha matn, grafik, musiqa muharrirlari, elektron jadvallar va shunga o‘xshash uskunaviy dastur vositalari qo‘llanilishi mumkin». Ta’limni kompyuterlashtirish muammosi shuningdek, xususiy uslubiyat fanlari sohasidagi yangi, zamonaviy yo‘nalish. Shu bois ta’limni kompyuterlashtirish muammosini tadqiq qilish an’anaviy mavzularni o‘rganishga nisbatan murakkab kechadi. An’anaviy mavzularda ilmiy tadqiqot o‘tkazish yo‘llari, vositalari, ilmiy jamoatchilik tan olgan prinsiplar ma’lum darajada aniqlangan, sayqallangan bo‘lsa, ta’limni kompyuterlashtirish muammosi sohasida qo‘llaniladigan tadqiqot usullari va vositalariga etarli ishlov berilmagan, prinsiplar atroflicha tahlil qilinmagan. Bunday murakkab bilish muammosini hal qilishning birdan-bir yo‘li mazkur tadqiqot mavzusiga oid mavhum, etarli o‘rganilmagan g‘oyalarni nazariya darajasida tahlil qilish, bilimlarni kategoriyalarga sintezlashtirish. Kompyuterlashtirish muammosiga oid abstrakt g‘oya — bilimlarni, empirik qarashlarni «ta’lim», «kompyuter», «ta’limni kompyuterlashtirish» kabi kategoriyalar vositasida bayon qilish tadqiqotchidan «mohiyatdan voqelikka», «voqelikdan mohiyatga» o‘tishni taqozo qiladi. Mohiyatdan voqelikka o‘tish — bu ta’limni kompyuterlashtirish muammosiga oid mavjud bilimlar, faoliyatda ishlatiladigan tajribalardan yangi bilimlarga, ta’limni kompyuterlashtirishning takomillashgan tajribasiga qarab borishni anglatadi. Voqelikdan — biz taklif qilayotgan ta’limni kompyuterlashtirish texnologiyasidan mohiyatga o‘tish — bu yangi tajriba xususiyatlari, ishlatilgan usul, vosita, rioya qilingan prinsiplar asosida ta’limni kompyuterlashtirish muammosining rivojlangan shakli. Ta’limni kompyuterlashtirish muammosi bo‘yicha qayd qilingan bilimlar va biz o‘tkazadigan tadqiqot, unda erishiladigan bilimlar o‘rtasidagi vorislikka rioya qilib, mohiyatdan voqelikka, voqelikdan mohiyatga o‘tishida nazariy bilimlar rivojlanib kompyuterli ta’limning yangi modelini asoslashga olib keladi. Jamiyatning uzluksiz rivojlanishi singari insonning bilishi ham uzluksiz davom etadi. Shu yo‘l bilan o‘rganilayotgan ob’ekt to‘g‘risidagi bilimlar kategoriyalarda mujassamlashib, nazariyaga aylanadi. Uuslubiy tadqiqotlarda, dastlab, o‘tkaziladigan tadqiqot, uning natijasida erishiladigan bilimlar, ayni holatda kompyuterni o‘qitish muammosining o‘zini, uning tarkibini o‘rganishda qator afzalliklar mavjud. Bunday tahlil tadqiqotchining muammo to‘g‘risidagi tasavvurlarini aniqlashtirish, mavzu dolzarbligini atroflicha anglashini ta’minlaydi. Muammoning hali etarli tadqiq qilinmagan jihatlarini qayd qilib, tadqiqot yo‘nalishini belgilash va kelajakda erishiladigan natijalarni ma’lum darajada aniq ko‘ra olish hamda tadqiqot ob’ektini takomillashtirish yo‘llarini aniqlashga imkon beradi. Fanda qo‘yilgan muammoni o‘rganishga kirishar ekanmiz uning tarkibi, inson faoliyatidagi ahamiyati, ilmiy tadqiqotdagi o‘rni, qanday masalalarga daxldorligi, muammoni o‘rganish yo‘llari, vositalari, asoslanadigan prinsiplari, qisqa qilib aytganda, muammo mohiyatini etarlicha bilmaymiz. Muammo obrazini ongda shakllantirish zaruratidan uning o‘zini alohida o‘rganishga, mohiyati va tarkibini tahlil qilishga ehtiyoj tug‘iladi. Kompyuterni o‘qitish tashkiliy tizim sifatida tadqiqotchining irodasi, mahorati, kompyuterlashtirish bo‘yicha egallagan bilimlari, orttirgan tajribasiga bog‘liq. Masalan, Informatika fani predmetini kompyuterlashtirish uchun uning logikasi — o‘quv materiallarini o‘rganish tizimi, har bir mavzuga oid o‘quv elementlari ajratiladi, o‘quvchilarning real bilish imkoniyatlari o‘rganiladi. Shu asosda pedagogik dasturiy vositalarni yaratish xususiyatlari aniqlanib, ularni yaratishda o‘quvchilar faoliyatini tashkil etish, boshqarish, nazorat qilish prinsiplari, usullari, vositalari, me’yorlari ishlab chiqiladi. Ta’lim va kompyuter. Ushbu tizimda kompyuterli ta’limni alohida ta’lim turi sifatida qayd etamiz. O‘qitish faoliyati va kompyuter. Mazkur tizimda kompyuterli ta’lim sharoitida o‘qituvchi bajaradigan ishlarni belgilaymiz. O‘qish faoliyati va kompyuter. Bu tizim bo‘yicha kompyuterda o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini amalga oshirib, ta’lim mazmunini o‘zlashtirishiga oid vazifalarni qayd etamiz. Kompyuterga tegishli fanni o‘qitishni kompyuterlashtirishni uslubiy muammo sifatida o‘rganish.Ta’limni kompyuterlashtirishni jarayon sifatida oshirish va tahlil qilish. o‘quv predmetini kompyuterlashtirishda ta’lim sub’ektlari faoliyatini modellashtirish. Kompyuterga tegishli fan o‘quv predmetiga doir pedagogik dastur vositalarini yaratish uslubiyatini ishlab chiqish. Kompyuterga tegishli fan o‘quv predmeti bo‘yicha kompyuterli ta’limning samaradorligini o‘rganish. Kompyuterlashtirishga oid muammolar qayd etilgach, ularning har birini alohida tahlil qilish, tarkibiy qismlarini aniqlashga ehtiyoj tug‘iladi. Kompyuterga tegishli fanni tahlil qilib har bir fan uchun o‘quv adabiyotini yangilab borishni davr taqozo etadi.

6167 marta o`qildi.

Parol:
Eslab qolish.


Ro`yhatdan o`tish


Рейтинг@Mail.ru
Рейтинг@Mail.ru

Besucherzahler
счетчик посещений